18-Dekabr, 2025-yil

2026-yil 1-yanvardan nimalar o‘zgaradi?

2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan qonunchiligimizdagi tadbirkorlikka oid asosiy o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:

 

Biznesni 15 daqiqada boshlash imkoniyati

 

Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yanada soddalashmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili joriy etiladi.

 

Endilikda ro‘yxatdan o‘tish bilan bir vaqtda quyidagi 7 ta xizmatdan masofaviy va tezkor tarzda foydalanish mumkin bo‘ladi:

 

elektron raqamli imzo kalitini berish;

bank hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;

ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;

ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;

QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish;

onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;

yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni YAMMT IDAKda hisobga qo‘yish.

 

Bu islohotlar tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratiyani kamaytirish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

 

 

Yangi nazorat tartibi va bozor bahosi asosidagi soliqlar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdssiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-246-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

 

– import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining to‘qqiz oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning uch oy) davomida sotilmaganligi va qiymati bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos hisoblanadi;

 

– ko‘chmas mulk obektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;

 

– O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmagan taqdirda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi.

 

 

Soliq ma’muryatchiligi va QQS qaytarishdagi yangi cheklovlar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdssiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-246-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

 

– qurilish va savdo sohalaridagi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi va mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilgandan so‘ng 15 kun muddatda shaxsiy cabinet orqali soliq organlari ma’lumotlar bazasida majburiy aks ettiriladi;

 

– qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda qaytarish tartibi ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan tadbirkorlik subektlariga, shuningdek, bunday tadbirkorlik subektlarining ta’sischisi yoki rahbari tomonidan oxirgi 12 oyda yangi yoki qayta tashkil etilgan tadbirkorlik subektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

 

Kameral tekshiruv va javobgarlikdan ozod etilish

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdssiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-246-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

 

– kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi. Bunda kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod qilinadi;

 

– sotuvchi tomonidan litsenziyalanadigan yoki ruxsat etish yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari bo‘yicha tovarlar realizatsiya qilinganda, ushbu sotuvchining litsenziyasi (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki xabarnoma) mavjudligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshirilib, hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

 

 

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tartibiga o‘zgartirish kiritildi

 

O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 9 dekabrdagi «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi O‘RQ-1101-son Qonuniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan Davlat ijtimoiy sug‘urtasi yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shu jumladan, «Hunarmand» uyushmasining a’zolari bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati subyektlariga, shuningdek, faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiradigan oila a’zolariga nisbatan ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

 

 

Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-240-son Farmoniga ko‘ra:

 

2026-yil 1-yanvardan boshlab «HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi:

 

– Tijorat banklari tomonidan ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqorini tashkil qilgan va (yoki) rahbari ayol kishi bo‘lgan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha miqdorda kredit ajratish;

 

– «Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi» AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etish.

 

 

Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-240-son Farmoniga ko‘ra ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra:

 

– 2026-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markazlarni tashkil etish uchun hokimlik zaxirasidagi bo‘sh yer maydoni mavjud mahallalarda 300 metr kvadratgacha bo‘lgan yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki bo‘sh turgan davlat mulki obyektini operativ boshqaruv huquqi asosida tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalariga ajratiladi;

 

– Markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarida yoki xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish vakolati bo‘lgan tashabbuskor tadbirkorlarning bo‘sh turgan binolarida tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarining tavsiyasi asosida tashkil etiladi;

 

– Tuman (shahar) hokimliklari mablag‘lari hisobidan barpo etilgan markazlar tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda ijaraga beriladi;

 

– Markazlarda faoliyat olib borish istagini bildirgan tadbirkorlarga xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishga ruxsat beriladi, shuningdek, ularga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan grantlar ajratish imkoniyati yaratiladi.

 

 

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning reklama xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi «Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-365-son qaroriga ko‘ra:  

 

2026-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy sanoat korxonalariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni O‘zbekiston hududida ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio, gazeta va jurnallar, onlayn reklama, bilbord, internet tarmog‘idagi xorijiy axborot resurslarida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, savdo maydonchalari va mobil ilovalarda joylashtirish) orqali targ‘ibot va tashviqot qilish xarajatlarini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berishga ruxsat etiladi. Bunda:  

 

– mazkur xarajatlarning 50 foizdan 100 foizgacha qismi, biroq bir kalendar yilda 250 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;  

 

 – Savdo-sanoat palatasining xulosasiga asosan sanoat korxonalariga kompensatsiyalar taqdim etiladi.

 

 

Fintex sohasidagi startaplar va mutaxassislar xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi «O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-359-son qaroriga ko‘ra:  

 

 2026-yil 1-yanvardan boshlab innovatsion xab ishtirokchilariga quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:  

 

– moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishidagi kurslarda o‘qish va sertifikat olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi, biroq 20 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;  

 

– inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startap loyihalariga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi, biroq 50 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda.

 

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari realizatsiyasi uchun QQSning «nol» stavkasi joriy etiladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-sentyabrdagi «Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-153-son Farmoniga ko‘ra:

 

2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bundan paxta va g‘alla mustasno) realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining «nol» stavkasi joriy qilinadi.

 

Unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan:

 

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining «nol» stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi va ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;

 

Ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash (qaytarish) tartibi amal qiladi;

 

Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga (bundan paxta va g‘alla mustasno) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

 

Yangi mehmonxonalar qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi «Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-217-son Farmoniga ko‘ra:  

 

3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo‘lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va jihozlash hamda 2026-yil 1-yanvardan boshlab mehmonxonani qo‘shimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini mehmonxona faoliyatiga o‘zgartirish uchun ketgan xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda qoplab berish tizimi joriy qilinadi:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;

4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘m.  

 

Bunda respublika bo‘yicha toifali (yulduzli) mehmonxonalar mavjud bo‘lmagan tuman (shahar)larda yangidan quriladigan mehmonxonalarga, mazkur xarajatlar quyidagi tartib asosida 50 foizga oshirilgan miqdorda qoplab berilishi belgilangan:

dastlabki 2 ta 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga;

dastlabki 3 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga.  

 

Qavatlar soni bilan bog‘liq talablar YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda yoki tog‘li va tog‘oldi hududlarda yangi qurilgan mehmonxonalarga tatbiq etilmaydi.

 

Chorvachilik va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash bo'yicha imtiyozlar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi «Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-322-son qaroriga ko‘ra:  

 

2026-yil 1-janvardan boshlab ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foiz qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.  

 

Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibining amal qilish muddati 2030-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi;  

 

Nasldor bir kunlik jo‘jalar importi uchun belgilangan subsidiya 2026-yil 1-janvardan boshlab 2030-yil 31-dekabrga qadar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan go‘sht yo‘nalishida ushbu nasldor bir kunlik jo‘jalar xarid qilinganda ajratiladi.  

 

2026-yil 1-janvardan 2027-yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol (TIF TN bo‘yicha kodi 0102) va tirik qo‘y va echkilarni (TIF TN bo‘yicha kodi 0104) import qilishda:  

 

Hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi;

 

To‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash (kaytarib berish) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

 

Veterinariya nazorati soddalashtiriladi va chorvachilik uchun yerlardan foydalanish tartibi o‘zgaradi

 

  2026-yil 1-janvardan boshlab:

 

Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati xavfni tahlil qilish natijalariga ko‘ra beriladi;

 

Veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati 2 baravar qisqartirilgan muddatda ko‘rib chiqiladi;

 

Ozuqabop mahsulotlarni yetishtirish uchun 49-yilga ijaraga berilgan yerlar hamda umumiy paxta-g‘allachilik va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan yerlarining 1 foiz (lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan) qismida yirik va mayda shoxli qoramollarni saqlash uchun yengil konstruksiyali bino, suv rezervuari va ozuqa saqlash omborxonalarini qurishga ruxsat beriladi.

 

Bunda:

 

Kamida 60 bosh yirik va 100 bosh mayda shoxli mollarni boqish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi;

 

Qurilish yakunlanganidan keyin 6-oydan boshlab qoramol soni bo‘yicha talab bajarilmagan taqdirda, qurilgan obyekt noqonuniy qurilma sifatida baholanadi.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение