2026-yil
1-yanvardan kuchga kiradigan qonunchiligimizdagi tadbirkorlikka oid asosiy
o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:
Biznesni 15 daqiqada
boshlash imkoniyati
Tadbirkorlik
faoliyatini yo‘lga qo‘yish yanada soddalashmoqda. Yangi tartibga ko‘ra,
tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida «Biznesni 15 daqiqada
boshlash» tamoyili joriy etiladi.
Endilikda
ro‘yxatdan o‘tish bilan bir vaqtda quyidagi 7 ta xizmatdan masofaviy va tezkor
tarzda foydalanish mumkin bo‘ladi:
elektron
raqamli imzo kalitini berish;
bank
hisobvaraqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
ayrim
faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma
yuborish;
ko‘chmas
mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
QQS
to‘lovchisi guvohnomasini olish;
onlayn
nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq
organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
yuridik
shaxs rahbarini tayinlash va uni YAMMT IDAKda hisobga qo‘yish.
Bu
islohotlar tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratiyani kamaytirish va biznesni
yuritish uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Yangi nazorat tartibi
va bozor bahosi asosidagi soliqlar
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdssiz hisob-kitoblarni
ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-246-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yil
1-yanvardan boshlab:
– import
qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining to‘qqiz oy (go‘sht va ho‘l
meva-sabzavotlarning uch oy) davomida sotilmaganligi va qiymati bazaviy
hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar
qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos
hisoblanadi;
– ko‘chmas
mulk obektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu
tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
–
O‘zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda
xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq
organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, ro‘yxatdan
o‘tish to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan
o‘tmagan taqdirda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati
cheklanadi.
Soliq ma’muryatchiligi
va QQS qaytarishdagi yangi cheklovlar
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdssiz hisob-kitoblarni
ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-246-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yil
1-yanvardan boshlab:
– qurilish
va savdo sohalaridagi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va
undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar
to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat
kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan
tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi va
mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilgandan so‘ng 15 kun muddatda shaxsiy
cabinet orqali soliq organlari ma’lumotlar bazasida majburiy aks ettiriladi;
–
qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda
qaytarish tartibi ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan
bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan tadbirkorlik
subektlariga, shuningdek, bunday tadbirkorlik subektlarining ta’sischisi yoki
rahbari tomonidan oxirgi 12 oyda yangi yoki qayta tashkil etilgan tadbirkorlik
subektlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kameral tekshiruv va
javobgarlikdan ozod etilish
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdssiz hisob-kitoblarni
ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-246-son Farmoniga ko‘ra, 2026-yil
1-yanvardan boshlab:
– kameral
soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash
uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq
organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi. Bunda
kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq
to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliqlar va
yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning
mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa
javobgarlikdan ozod qilinadi;
– sotuvchi
tomonidan litsenziyalanadigan yoki ruxsat etish yoxud xabardor qilish tartibida
amalga oshiriladigan faoliyat turlari bo‘yicha tovarlar realizatsiya
qilinganda, ushbu sotuvchining litsenziyasi (ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjat yoki xabarnoma) mavjudligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshirilib,
hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.
Davlat ijtimoiy
sug‘urtasi tartibiga o‘zgartirish kiritildi
O‘zbekiston
Respublikasining 2025-yil 9 dekabrdagi «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi
to‘g‘risida»gi O‘RQ-1101-son Qonuniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan Davlat
ijtimoiy sug‘urtasi yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shu jumladan, «Hunarmand»
uyushmasining a’zolari bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati subyektlariga,
shuningdek, faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy
tadbirkorlik shaklida amalga oshiradigan oila a’zolariga nisbatan ixtiyoriy
asosda amalga oshiriladi.
Ayollar
tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi «Xotin-qizlarni
qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-240-son
Farmoniga ko‘ra:
2026-yil
1-yanvardan boshlab «HAMROH» tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi
doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy
qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy
etiladi:
– Tijorat
banklari tomonidan ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan
yuqorini tashkil qilgan va (yoki) rahbari ayol kishi bo‘lgan kichik va o‘rta
tadbirkorlik subyektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi
loyihalariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha
bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha miqdorda kredit ajratish;
– «Biznesni
kafolatlash milliy kompaniyasi» AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70
foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etish.
Xotin-qizlarni kasb-hunarga
o‘qitish tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi «Xotin-qizlarni
qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-240-son
Farmoniga ko‘ra ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga
ko‘ra:
– 2026-yil
1-yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari markazlarni tashkil etish uchun hokimlik
zaxirasidagi bo‘sh yer maydoni mavjud mahallalarda 300 metr kvadratgacha
bo‘lgan yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki bo‘sh turgan
davlat mulki obyektini operativ boshqaruv huquqi asosida tegishlicha
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va
Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalariga ajratiladi;
– Markazlar
tuman (shahar) hokimliklari tomonidan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan
manbalar hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarida yoki
xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish vakolati bo‘lgan tashabbuskor
tadbirkorlarning bo‘sh turgan binolarida tuman (shahar) oila va xotin-qizlar
bo‘limlarining tavsiyasi asosida tashkil etiladi;
– Tuman
(shahar) hokimliklari mablag‘lari hisobidan barpo etilgan markazlar
tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasb-hunarga
o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga belgilangan
tartibda ijaraga beriladi;
–
Markazlarda faoliyat olib borish istagini bildirgan tadbirkorlarga
xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishga ruxsat beriladi, shuningdek, ularga
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan grantlar ajratish
imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy ishlab
chiqaruvchilarning reklama xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi «Qurilish materiallari
sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-365-son qaroriga
ko‘ra:
2026-yil
1-yanvardan boshlab mahalliy sanoat korxonalariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan
mahsulotlarni O‘zbekiston hududida ommaviy axborot vositalari (televideniye,
radio, gazeta va jurnallar, onlayn reklama, bilbord, internet tarmog‘idagi
xorijiy axborot resurslarida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, savdo
maydonchalari va mobil ilovalarda joylashtirish) orqali targ‘ibot va tashviqot
qilish xarajatlarini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
qoplab berishga ruxsat etiladi. Bunda:
– mazkur
xarajatlarning 50 foizdan 100 foizgacha qismi, biroq bir kalendar yilda 250
million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
– Savdo-sanoat palatasining xulosasiga asosan
sanoat korxonalariga kompensatsiyalar taqdim etiladi.
Fintex sohasidagi
startaplar va mutaxassislar xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi «O‘zbekistonda moliyaviy
texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi
PQ-359-son qaroriga ko‘ra:
2026-yil 1-yanvardan boshlab innovatsion xab
ishtirokchilariga quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
– moliyaviy
texnologiyalar yo‘nalishidagi kurslarda o‘qish va sertifikat olish bilan
bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi, biroq 20 ming AQSh dollari
ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
–
inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik
subyektlarining moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startap loyihalariga
mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha
bo‘lgan qismi, biroq 50 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda.
Qishloq xo‘jaligi
mahsulotlari realizatsiyasi uchun QQSning «nol» stavkasi joriy etiladi
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-sentyabrdagi «Qishloq xo‘jaligi sohasida
qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy
etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-153-son Farmoniga ko‘ra:
2026-yil
1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan
yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bundan paxta va g‘alla mustasno)
realizatsiyasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining «nol» stavkasi joriy
qilinadi.
Unga
muvofiq 2026-yil 1-yanvardan:
Qo‘shilgan
qiymat solig‘ining «nol» stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi
mahsulotlari ro‘yxati Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan
tasdiqlanadi va ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;
Ro‘yxatga
kiritilgan mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovarlar (xizmatlar)
bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash (qaytarish)
tartibi amal qiladi;
Qishloq
xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga (bundan paxta va g‘alla mustasno)
qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 3 kun muddatda
avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.
Yangi mehmonxonalar qurish
va jihozlash xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi «Ekologiya va turizm sohalarida
aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari
to‘g‘risida»gi PF-217-son Farmoniga ko‘ra:
3 yulduzli toifa
uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam
bo‘lmagan xonalar fondiga ega besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxona 2026-yil
31-dekabrga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach,
investorlarning yangi mehmonxonani qurish (rekonstruksiya qilish bundan mustasno)
va jihozlash hamda 2026-yil 1-yanvardan boshlab mehmonxonani qo‘shimcha bino va
inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini
mehmonxona faoliyatiga o‘zgartirish uchun ketgan xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston
Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda qoplab berish
tizimi joriy qilinadi:
3 yulduzli
toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m;
4 va 5
yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘m.
Bunda
respublika bo‘yicha toifali (yulduzli) mehmonxonalar mavjud bo‘lmagan tuman
(shahar)larda yangidan quriladigan mehmonxonalarga, mazkur xarajatlar quyidagi
tartib asosida 50 foizga oshirilgan miqdorda qoplab berilishi belgilangan:
dastlabki 2
ta 4 yoki 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga;
dastlabki 3
ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalarga.
Qavatlar
soni bilan bog‘liq talablar YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga
kiritilgan hududlarda yoki tog‘li va tog‘oldi hududlarda yangi qurilgan
mehmonxonalarga tatbiq etilmaydi.
Chorvachilik va
oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash bo'yicha imtiyozlar
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi «Aholini oziq-ovqat
mahsulotlari bilan barqaror ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g‘risida»gi PQ-322-son qaroriga ko‘ra:
2026-yil
1-janvardan boshlab ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga
mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos
agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foiz qismi Davlat
byudjetidan qoplab beriladi.
Chorvachilik
xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va
echkilar uchun subsidiya ajratish tartibining amal qilish muddati 2030-yil
31-dekabrga qadar uzaytiriladi;
Nasldor bir
kunlik jo‘jalar importi uchun belgilangan subsidiya 2026-yil 1-janvardan
boshlab 2030-yil 31-dekabrga qadar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan
go‘sht yo‘nalishida ushbu nasldor bir kunlik jo‘jalar xarid qilinganda
ajratiladi.
2026-yil
1-janvardan 2027-yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol (TIF TN bo‘yicha
kodi 0102) va tirik qo‘y va echkilarni (TIF TN bo‘yicha kodi 0104) import
qilishda:
Hisoblangan
qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga
ruxsat beriladi;
To‘langan
qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash (kaytarib berish) qonunchilikda
belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Veterinariya nazorati
soddalashtiriladi va chorvachilik uchun yerlardan foydalanish tartibi o‘zgaradi
2026-yil 1-janvardan boshlab:
Davlat veterinariya
xizmati nazorati ostidagi tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib
kirishda veterinariya ruxsatnomasi va sertifikati xavfni tahlil qilish
natijalariga ko‘ra beriladi;
Veterinariya
ruxsatnomasi va sertifikati 2 baravar qisqartirilgan muddatda ko‘rib chiqiladi;
Ozuqabop
mahsulotlarni yetishtirish uchun 49-yilga ijaraga berilgan yerlar hamda umumiy
paxta-g‘allachilik va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan
yerlarining 1 foiz (lekin 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan) qismida yirik va mayda
shoxli qoramollarni saqlash uchun yengil konstruksiyali bino, suv rezervuari va
ozuqa saqlash omborxonalarini qurishga ruxsat beriladi.
Bunda:
Kamida 60
bosh yirik va 100 bosh mayda shoxli mollarni boqish bo‘yicha loyihalar amalga
oshiriladi;
Qurilish
yakunlanganidan keyin 6-oydan boshlab qoramol soni bo‘yicha talab bajarilmagan
taqdirda, qurilgan obyekt noqonuniy qurilma sifatida baholanadi.