
Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “U.A.S.” oilaviy korxonasi rahbari hisob raqamidan mablag‘i asossiz yechib olinganidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tuman soliq inspeksiyasi tomonidan 2024-yilda chiqarilgan noqonuniy qo‘shimcha qarorga asosan, oradan bir yil o‘tib korxonaning hisob raqamiga 370 mln so‘mlik to‘lov talabnomasi qo‘yilgan. Oqibatda 2025-yilning dekabr oyi yakuniga qadar tadbirkorning 65 mln so‘m mablag‘i asossiz ravishda yechib olingan.
E’tiborlisi, korxona rahbariyati ushbu qaror va qo‘llanilgan jarima haqida xabardor qilinmagan. Keyinchalik Qarshi tumanlararo ma’muriy sudi mazkur qarorni haqiqiy emas deb topgan bo‘lsa-da, soliq organi tomonidan qonunbuzarlik davom ettirilgan. Xususan, sud tomonidan qaror ijrosini to‘xtatish haqida ajrim chiqarilgan va bu haqda soliq organi xabardor qilingan bo‘lsa-da, mablag‘larni undirish davom ettirilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-9-moddasiga ko‘ra, pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda olib qo‘ygan soliq inspeksiyasi mansabdor shaxsiga nisbatan chora ko‘rildi. JIB Ko‘kdala tumani sudi qarori bilan aybdor deb topilib, BHMning 20 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Shu bilan birga, tadbirkorning 2025-yildagi murojaatiga asoslantirilgan javob berilmagani sababli, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i MJtKning 43-moddasi (murojaatlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan javobgarlikka tortildi.
Biznes-ombudsman tomonidan Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasiga kiritilgan taqdimnoma natijasida tadbirkorning hisob raqamidan asossiz undirilgan 65 mln so‘m qaytarildi va tuman soliq inspeksiyasi mansabdor shaxsiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash belgilandi.