
Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “U.A.S.”
oilaviy korxonasi rahbari hisob raqamidan mablag‘i asossiz yechib olinganidan
norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tuman soliq inspeksiyasi tomonidan
2024-yilda chiqarilgan noqonuniy qo‘shimcha qarorga asosan, oradan bir yil
o‘tib korxonaning hisob raqamiga 370 mln so‘mlik to‘lov talabnomasi qo‘yilgan. Oqibatda 2025-yilning dekabr oyi
yakuniga qadar tadbirkorning 65 mln so‘m mablag‘i asossiz ravishda yechib
olingan.
E’tiborlisi,
korxona rahbariyati ushbu qaror va qo‘llanilgan jarima haqida xabardor
qilinmagan. Keyinchalik Qarshi tumanlararo ma’muriy sudi mazkur qarorni haqiqiy
emas deb topgan bo‘lsa-da, soliq organi tomonidan qonunbuzarlik davom
ettirilgan. Xususan, sud tomonidan qaror ijrosini to‘xtatish haqida ajrim
chiqarilgan va bu haqda soliq organi xabardor qilingan bo‘lsa-da, mablag‘larni
undirish davom ettirilgan.
Ma’muriy
javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-9-moddasiga ko‘ra, pul mablag‘larini
qonunga xilof ravishda olib qo‘ygan soliq inspeksiyasi mansabdor shaxsiga
nisbatan chora ko‘rildi. JIB Ko‘kdala tumani sudi qarori bilan aybdor deb
topilib, BHMning 20 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
Shu bilan
birga, tadbirkorning 2025-yildagi murojaatiga asoslantirilgan javob berilmagani
sababli, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i MJtKning 43-moddasi (murojaatlar
to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan javobgarlikka tortildi.
Biznes-ombudsman tomonidan Qashqadaryo viloyati soliq
boshqarmasiga kiritilgan taqdimnoma natijasida tadbirkorning hisob raqamidan
asossiz undirilgan 65 mln so‘m qaytarildi va tuman soliq inspeksiyasi mansabdor
shaxsiga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash belgilandi.