“Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (6-son, 09.01.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil yakunigacha Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi (Dastur) asosida sayyohlarni jalb qilayotgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSh dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.
2026-yil 15-yanvardan:
Malayziya va Indoneziyada Dastur bo‘yicha kuchaytirilgan targ‘ibot kampaniyasi amalga oshiriladi;
turoperator (turagent)lar tomonidan Milliy turizm yagona platformasi orqali Dastur bo‘yicha shakllantirilgan turistik dasturning onlayn sotuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturni amalga oshirish uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida o‘quv-amaliyot laboratoriyasi tashkil etiladi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Malayziya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “Turizm va mehmondo‘stlik” ta’lim yo‘nalishi va mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.