Bugun, 4-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan “Konstitutsiya – xususiy mulk himoyasi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va sanoat taraqqiyotining asosiy huquqiy kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda deputatlar, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Biznes-ombudsman devoni, Savdo-sanoat palatasi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Oliy biznes va tadbirkorlik maktabi mutasaddilari, tadbirkorlar, universitet talabalari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Biznes-ombudsman devoni bosh inspektori G.Shukurova so‘zga chiqib, Konstitutsiyada belgilangan normalarning amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi hamda qonun hujjatlarini Konstitutsiya normalariga moslashtirish borasidagi ustuvor vazifalar haqida ma’ruza qildi.
Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, xususiy mulk himoyasini kuchaytirish, xususan, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan ekologik vaziyatdan kelib chiqib, tadbirkorlarning ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirish, bu borada, shuningdek, olimlar, keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik masalalarini kuchaytirish borasida ustuvor vazifalar belgilab olindi.