Respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etish va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Biznes-ombudsman devoni, mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralar ishtirokida sayyor qabullar hamda ochiq muloqotlar davom etmoqda.

Xususan, Toshloq va O‘zbekiston tumanlarida viloyat hokimligi va Biznes-ombudsman devoni vakillari ishtirokida yirik uchrashuvlar o‘tkazildi. Asosiy e’tibor biznes muhitini yaxshilash, soliq, kredit, yer ajratish va logistika masalalariga qaratildi. Murojaatlar bo‘yicha mas’ul idoralarga aniq vazifalar yuklatildi.

Xiva tumanida viloyat prokurori o‘rinbosari ishtirokidagi muloqotda 20 dan ortiq tadbirkor qatnashdi. Ko‘tarilgan 9 ta muammodan 4 tasi (yer va kredit masalalari) joyida hal etildi, qolganlari nazoratga olindi. Shuningdek, Transport nazorat inspeksiyasi tomonidan yo‘l-qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ish olib borildi.

Zomin tumanida Biznes-ombudsman sho‘basi, prokuratura va hokimlik ishtirokida 50 dan ortiq murojaatchi bilan sayyor qabul o‘tkazilib, muammolarga huquqiy yechimlar belgilandi.

Angor va Denov tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 70 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Muloqotlar davomida 10 ga yaqin murojaat va 3 ta tizimli masala o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Kasbi tumanida Prezidentning PF-229-sonli Farmoni ijrosi doirasida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirkorlarga adolatli raqobat va teng sharoitlar yaratish bo‘yicha tushuntirishlar berilib, muammolar ijrosi nazoratga olindi.

Boyovut tumanidagi qabulda 30 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Tushgan 16 ta murojaatning 10 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 5 ta ariza nazorat tartibida o‘rganishga qabul qilindi.

Andijon va Namangan viloyatlarida asosan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muammolar alohida ko‘rib chiqilib, ayrimlari joyida hal etildi, qolganlari tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.
