Respublikamizning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etish va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Biznes-ombudsman devoni, mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralar ishtirokida sayyor qabullar hamda ochiq muloqotlar davom etmoqda.

Xususan, Toshloq va O‘zbekiston tumanlarida viloyat hokimligi
va Biznes-ombudsman devoni vakillari ishtirokida yirik uchrashuvlar o‘tkazildi.
Asosiy e’tibor biznes muhitini
yaxshilash, soliq, kredit, yer ajratish va logistika masalalariga qaratildi. Murojaatlar
bo‘yicha mas’ul idoralarga aniq vazifalar yuklatildi.

Xiva tumanida
viloyat prokurori o‘rinbosari ishtirokidagi muloqotda 20 dan ortiq tadbirkor qatnashdi.
Ko‘tarilgan 9 ta muammodan 4 tasi (yer va kredit masalalari) joyida hal etildi,
qolganlari nazoratga olindi. Shuningdek, Transport nazorat inspeksiyasi tomonidan
yo‘l-qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ish olib borildi.

Zomin tumanida
Biznes-ombudsman sho‘basi, prokuratura va hokimlik ishtirokida 50 dan ortiq murojaatchi
bilan sayyor qabul o‘tkazilib, muammolarga huquqiy yechimlar belgilandi.

Angor va Denov
tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 70 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida 10 ga yaqin murojaat va 3 ta tizimli masala o‘rganilib, ularni
bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Kasbi tumanida
Prezidentning PF-229-sonli Farmoni ijrosi doirasida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirkorlarga adolatli raqobat va teng sharoitlar yaratish bo‘yicha tushuntirishlar
berilib, muammolar ijrosi nazoratga olindi.

Boyovut tumanidagi
qabulda 30 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Tushgan 16 ta murojaatning 10 tasi bo‘yicha
huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 5 ta ariza nazorat tartibida o‘rganishga qabul
qilindi.

Andijon va Namangan viloyatlarida asosan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muammolar alohida ko‘rib chiqilib, ayrimlari joyida hal etildi, qolganlari tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.
