
Xorazm viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi «A.S.» xususiy korxonasi rahbari Xorazm viloyati soliq boshqarmasining qaroridan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Xorazm viloyati soliq boshqarmasi tomonidan «A.S.» xususiy korxonasida 2018–2022-yillar oralig‘idagi faoliyat yuzasidan soliq auditi o‘tkazilgan. Audit natijasiga ko‘ra, 2023-yilning 3-iyul kuni korxonaga nisbatan 41,9 mln so‘m soliq va 61,8 mln so‘m jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilingan.
Biroq, oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgach, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan Soliq kodeksi talablariga zid ravishda, 2025-yil 23-oktabrda mazkur audit natijalari qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada tadbirkorga qo‘shimcha ravishda jami 452,6 mln so‘mlik soliq va moliyaviy jarima (penya) hisoblash to‘g‘risida «qo‘shimcha qaror» qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 158-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan:
– Soliq tekshiruvi materiallari dalolatnoma tuzilgan kundan boshlab 10 kundan keyin, lekin 15 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak.
– Tegishli qaror esa ko‘rib chiqilgandan keyin 5 kun ichida qabul qilinishi lozim.
– Shuningdek, soliq to‘lovchi tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish joyi va vaqti haqida kamida ikki ish kuni oldin xabardor qilinishi shart.
Ushbu holatda soliq organi tomonidan belgilangan muddatlar qo‘pol ravishda buzilgan va asossiz ravishda qo‘shimcha yuklamalar hisoblangan.
Biznes-ombudsman devoni tadbirkor manfaatini ko‘zlab sudga ariza bilan murojaat qildi. Sud ishni ko‘rib chiqib, Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasining 2025-yil 27-oktyabrdagi qarorini haqiqiy emas deb topdi.