
Xorazm
viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi «A.S.» xususiy korxonasi rahbari Xorazm
viloyati soliq boshqarmasining qaroridan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga
murojaat qildi.
Aniqlanishicha,
Xorazm viloyati soliq boshqarmasi tomonidan «A.S.» xususiy korxonasida
2018–2022-yillar oralig‘idagi faoliyat yuzasidan soliq auditi o‘tkazilgan.
Audit natijasiga ko‘ra, 2023-yilning 3-iyul kuni korxonaga nisbatan 41,9 mln
so‘m soliq va 61,8 mln so‘m jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilingan.
Biroq,
oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgach, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari
tomonidan Soliq kodeksi talablariga zid ravishda, 2025-yil 23-oktabrda mazkur
audit natijalari qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada tadbirkorga qo‘shimcha
ravishda jami 452,6 mln so‘mlik soliq va moliyaviy jarima (penya) hisoblash
to‘g‘risida «qo‘shimcha qaror» qabul qilingan.
O‘zbekiston
Respublikasi Soliq kodeksining 158-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 1-sonli
qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan:
– Soliq
tekshiruvi materiallari dalolatnoma tuzilgan kundan boshlab 10 kundan keyin,
lekin 15 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak.
– Tegishli
qaror esa ko‘rib chiqilgandan keyin 5 kun ichida qabul qilinishi lozim.
– Shuningdek,
soliq to‘lovchi tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish joyi va vaqti haqida
kamida ikki ish kuni oldin xabardor qilinishi shart.
Ushbu
holatda soliq organi tomonidan belgilangan muddatlar qo‘pol ravishda buzilgan
va asossiz ravishda qo‘shimcha yuklamalar hisoblangan.
Biznes-ombudsman
devoni tadbirkor manfaatini ko‘zlab sudga ariza bilan murojaat qildi. Sud ishni
ko‘rib chiqib, Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasining 2025-yil
27-oktyabrdagi qarorini haqiqiy emas deb topdi.