“Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–25-son, 16.02.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan muvofiqlikni baholash sohasida tadbirkorlarga quyidagi yengilliklar joriy etiladi:
muvofiqlikni baholash organlari tomonidan akkreditatsiya sohasida ko‘rsatilgan pullik xizmatlar tushumidan ajratmalar 2,5 barobarga kamaytirilib, 2 foiz miqdorida belgilanadi hamda to‘liqligicha O‘zbekiston akkreditatsiya markazi ixtiyorida qoldiriladi;
tadbirkorlar tomonidan 2 va undan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan holda muvofiqlikni baholash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan sohada davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu sohada sinov laboratoriyalari va sertifikatlash organlari tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
muvofiqlikni baholash organlariga Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya o‘tgan holda eksport bozorlarida talab etilayotgan xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash ishlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Quyidagi iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etiladi:
2026 yil 1 iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari;
2027 yil 1 yanvardan neft va gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar;
2028 yil 1 yanvardan energetika, kimyo, ekologiya, xizmat ko‘rsatish sohalari.