14-Fevral, 2026-yil

Biznes-ombudsman devoni hududlarda tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda

 

Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari tomonidan respublikaning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlari bilan navbatdagi uchrashuvlar va sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini qamrab olgan ushbu tadbirlar sohadagi muammolarni bevosita joyida o‘rganish va tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.

 

Ushbu uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli hamda 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Asosiy e’tibor tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratish, adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda davlat organlari tomonidan asossiz aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan.

 

Har bir hududda o‘tkazilgan qabullarda o‘nlab tadbirkorlar o‘z taklif va muammolari bilan ishtirok etdilar.

 

Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda "Nargizabegim" MCHJ kabi korxonalarning auksion orqali olingan mulk qiymatini bo‘lib to‘lash masalalari hal etildi.

 

Shirin shahridagi sayyor qabulda esa 27 nafar tadbirkor ishtirok etib, ularning aksariyati qismiga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

 

Toshkent shahri Uchtepa tumanida 50 dan ortiq ishbilarmonlar bilan muloqot o‘tkazilib, muammolar yechimi bo‘yicha aniq "yo‘l xaritalari" belgilandi.

 

G‘allaorol tumanida esa mahalliy darajadagi masalalar shu yerning o‘zida hal etilib, respublika miqyosidagi murojaatlar nazoratga olindi.

 

Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan qabulda 51 nafar tadbirkor bank kreditlari, kadastr va subsidiya masalalarida murojaat qildi.

 

Qarshi tumanidagi ochiq muloqotda ham 30 dan ortiq murojaatlar tinglanib, ijrosi nazoratga olindi.

 

Namangan viloyatida asosiy e’tibor yo‘l qurilishi sohasidagi tadbirkorlarning muammolariga qaratilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan omillar muhokama qilindi.

 

Biznes-ombudsman devoni vakillarining ta’kidlashicha, bu kabi uchrashuvlar shunchaki rasmiyatchilik emas, balki tadbirkorning dardini eshitish va tizimli muammolarga yechim topish maydonchasidir. Qabullar davomida kelib tushgan murojaatlarning salmoqli qismi joyida hal etilmoqda. Muayyan vaqt va o‘rganish talab etadigan masalalar bo‘yicha esa tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olinmoqda.

 

Biznes-ombudsman devoni tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan har qanday to‘siqlarni bartaraf etish va ishbilarmonlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение