
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni
xodimlari tomonidan respublikaning barcha hududlarida tadbirkorlik subyektlari
bilan navbatdagi uchrashuvlar va sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy, Sirdaryo, Jizzax,
Qashqadaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini qamrab olgan ushbu tadbirlar
sohadagi muammolarni bevosita joyida o‘rganish va tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.

Ushbu uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli hamda 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmonlari
ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Asosiy e’tibor tadbirkorlar
uchun teng sharoitlar yaratish, adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda
davlat organlari tomonidan asossiz aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan.
Har bir hududda o‘tkazilgan qabullarda o‘nlab tadbirkorlar
o‘z taklif va muammolari bilan ishtirok etdilar.

Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda
"Nargizabegim" MCHJ kabi korxonalarning auksion orqali olingan mulk
qiymatini bo‘lib to‘lash masalalari hal etildi.

Shirin shahridagi sayyor qabulda esa 27 nafar tadbirkor
ishtirok etib, ularning aksariyati qismiga joyida huquqiy tushuntirishlar
berildi.

Toshkent shahri Uchtepa tumanida 50 dan ortiq ishbilarmonlar
bilan muloqot o‘tkazilib, muammolar yechimi bo‘yicha aniq "yo‘l
xaritalari" belgilandi.

G‘allaorol tumanida esa mahalliy darajadagi masalalar shu
yerning o‘zida hal etilib, respublika miqyosidagi murojaatlar nazoratga olindi.

Marg‘ilon
shahrida o‘tkazilgan qabulda 51 nafar tadbirkor bank kreditlari, kadastr va
subsidiya masalalarida murojaat qildi.

Qarshi
tumanidagi ochiq muloqotda ham 30 dan ortiq murojaatlar tinglanib, ijrosi
nazoratga olindi.

Namangan
viloyatida asosiy e’tibor yo‘l qurilishi sohasidagi tadbirkorlarning
muammolariga qaratilgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘istonda sanitariya-epidemiologik
osoyishtalik sohasida tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan omillar muhokama
qilindi.

Biznes-ombudsman
devoni vakillarining ta’kidlashicha, bu kabi uchrashuvlar shunchaki
rasmiyatchilik emas, balki tadbirkorning dardini eshitish va tizimli
muammolarga yechim topish maydonchasidir. Qabullar davomida kelib tushgan
murojaatlarning salmoqli qismi joyida hal etilmoqda. Muayyan vaqt va o‘rganish
talab etadigan masalalar bo‘yicha esa tegishli vazirlik va idoralarga
ko‘rsatmalar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olinmoqda.
Biznes-ombudsman devoni tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik
qilayotgan har qanday to‘siqlarni bartaraf etish va ishbilarmonlarning qonuniy
manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.