Joriy yilning 13-15 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiya Quvaytda amaliy tashrif bilan bo‘ldi.

Tashrif dasturi doirasida Quvayt hukumati vakillari, ishbilarmon doiralar va moliyaviy institutlar bilan muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, O‘zbekiston-Quvayt Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Biznes-ombudsman devoni xodimi Sheroz Shodiyev ham ishtirok etdi.

Komissiya yig‘ilishi doirasida va ikki tomonlama uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki tomonlama savdoni kengaytirish, neft-gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, logistika, savdo, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kengaytirish, shuningdek, standartlarni o‘zaro tan olish va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi besh barobardan ortiq oshgani ta’kidlandi. Hamkorlikning asosiy istiqbolli yo‘nalishlari sifatida agrosanoat majmuasi, neft-kimyo, infratuzilma, transport va logistika, raqamli hamda moliyaviy xizmatlar belgilandi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumi va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida ham ishtirok etilib, elektron tijorat, islomiy moliya, qurilish, sanoat va sog‘liqni saqlash sohalarida Quvayt ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.