Joriy yilning 13-15 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiya Quvaytda amaliy tashrif bilan bo‘ldi.

Tashrif
dasturi doirasida Quvayt hukumati vakillari, ishbilarmon doiralar va moliyaviy
institutlar bilan muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, O‘zbekiston-Quvayt
Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda
Biznes-ombudsman devoni xodimi Sheroz Shodiyev ham ishtirok etdi.

Komissiya
yig‘ilishi doirasida va ikki tomonlama uchrashuvlarda investitsiyaviy
hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki tomonlama savdoni kengaytirish, neft-gaz va
neft-kimyo sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, logistika, savdo, O‘zbekiston
aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berish, meva-sabzavot
mahsulotlari eksportini kengaytirish, shuningdek, standartlarni o‘zaro tan
olish va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish kabi masalalar muhokama
qilindi.

Yig‘ilishda
so‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi besh barobardan
ortiq oshgani ta’kidlandi. Hamkorlikning asosiy istiqbolli yo‘nalishlari
sifatida agrosanoat majmuasi, neft-kimyo, infratuzilma, transport va logistika,
raqamli hamda moliyaviy xizmatlar belgilandi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumi va “Made
in Uzbekistan” ko‘rgazmasida ham ishtirok etilib, elektron tijorat, islomiy
moliya, qurilish, sanoat va sog‘liqni saqlash sohalarida Quvayt ishbilarmon
doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.