“Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–246-son, 10.12.2025 y.) qabul qilindi.
2026 yil 1 apreldan quyidagilar uchun toʻlovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron toʻlov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
— davlat organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;
— elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun toʻlovlar;
— alkogol va tamaki mahsulotlari;
— transportlarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash boʻyicha xizmatlar;
— qiymati 25 mln soʻmdan oshadigan tovar va xizmatlar;
— koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
2026 yil 1 yanvargacha barcha savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron toʻlovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.
2026 yil 1 yanvardan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Bunda 2026 yil 1 iyuldan:
— barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli toʻlov tizimi orqali toʻlovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;
— yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
2026 yil 1 yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
2026 yil 1 iyuldan bosqichma-bosqich nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu Farmonda koʻrsatilgan holatlar boʻyicha tadbirkorlik subyektlarida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan:
— import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (goʻsht va hoʻl meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmaganligi va qiymati BHMning 500 baravaridan ortiq boʻlgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turganligi holati sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos hisoblanadi;
— koʻchmas mulk obyektlari va qurilish materiallari boʻyicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi;
— Oʻzbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar koʻrsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, roʻyxatdan oʻtish toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida roʻyxatdan oʻtmaganda, ushbu yuridik shaxslarning Oʻzbekistondagi faoliyati cheklanadi;
— kameral soliq tekshiruvini oʻtkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq toʻlovchilar tomonidan qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning koʻrib chiqilishi majburiy hisoblanadi.