Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratishning yangi tizimi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimot
avvalida joriy yilda sohaga yoʻnaltirilgan moliyaviy resurslar va ularning
natijalari to‘g‘risida axborot berildi.
Qayd
etilganidek, paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirish, qishloq xoʻjaligi
texnikalari bilan taʼminlash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga
jami 29 trillion soʻm ajratildi. Sohaga 2,35 trillion soʻm subsidiyalar
yoʻnaltirildi.
Oʻz
mablagʻidan paxta yetishtirgan xoʻjaliklarga paxta qiymatining 10 foizi
miqdorida subsidiya ajratilishi natijasida 3430 fermer va klasterlar 151 ming
gektar maydonda oʻz mablagʻi hisobidan paxta yetishtirdi va 1,9 trillion soʻm
resurs tejaldi.
Yoki paxta
yetishtirishga olingan kreditni joriy yil yakuniga qadar toʻliq qaytargan
fermerlarga foiz toʻlovining 4 foiz bandini qaytarib berish imkoniyati tufayli
9002 nafar fermer 2,5 trillion soʻm imtiyozli kreditlarni muddatidan oldin
qaytardi.
Kelgusi
yilda paxta va gʻalla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2
trillion soʻm ajratish rejalashtirilgani, qoʻshimcha 200 million dollar mablagʻ
jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi maʼlum qilindi. Bu
borada joriy qilinishi taklif etilayotgani yangi qoʻllab-quvvatlash
mexanizmlari koʻrib chiqildi.
Jumladan,
2026-yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan, plyonka va egiluvchan quvurlar
uchun qoʻshimcha 5 trillion soʻm ajratish taklif qilindi. Hosil yetishtirishda
kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5
foizi miqdorida subsidiya ajratilsa, oʻz mablagʻi va qisman kredit hisobidan
hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4-4,5 mingga yetishi va ularning 2,5-3
trillion soʻm mablagʻi iqtisod boʻlishi taʼkidlandi.
Hozirda
fermerlarga kredit ajratishda moliyaviy barqaror xoʻjaliklarga ham, toʻlov
intizomiga rioya etmayotganlariga ham bir xil foiz stavkasi qoʻllanmoqda. Shu
bois, fermerlar orasida “intizomli boʻlish – arzon kredit” modelini
shakllantirish uchun “A” kredit reytingiga ega xoʻjaliklarga 2 foizga, “B”
toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali
intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.
Bundan
tashqari, oʻz mablagʻi hisobidan bugʻdoy yetishtirgan fermerlarga uning
qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.
Davlatimiz
rahbari ta’kidlaganidek, fermerlarni rag‘batlantirish, ularda ishonch va
iqtisodiy manfaatni kuchaytirish – qishloq xo‘jaligi rivojining asosiy tayanchi
hisoblanadi, shu bois agrar sohada qo‘llab-quvvatlash vositalari doimiy
ravishda kengaytirib boriladi.
Oʻzbekiston
Prezidentining joriy yil 22-noyabrdagi “Agrar sohani davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, agrar sohada davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi
vazirligi huzurida Agrar sohada toʻlovlar agentligi tashkil etildi.
Taqdimotda
agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi qanday tashkil etilishi koʻrib
chiqildi.
Hozirgi
vaqtda qishloq xoʻjaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda
ushbu jarayon tubdan soddalashtirilib, inson omili tubdan qisqartirilib,
byurokratiya kamaytiriladi, arizalarni koʻrib chiqish toʻliq raqamlashtiriladi
va barcha jarayonlar “Agroportal” orqali amalga oshiriladi.
Buning
uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning
axborot tizimlari integratsiya qilinadi.
Jumladan,
2026-yil uchun moʻljallangan 1,3 trillion soʻmlik subsidiyalarni talabgorlar ishtiroki
zarur boʻlmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda, qolgan
subsidiyalar ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish
bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha
ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin
qisqaradi.
Davlatimiz
rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish,
subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini taʼminlash, barcha jarayonlarni
raqamlashtirish va fermerlar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan
mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.