Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarni signalizatsiya o‘rnatish
hamda qo‘riqlash xizmati yuzasidan shartnoma tuzishga majburlash holatlari aks
etgan xabarlar yuzasidan Biznes-ombudsman quyidagilarni ma’lum qiladi.
Vazirlar
Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy
gvardiyasi qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘linmalari tomonidan qo‘riqlanadigan
obyektlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 930-sonli qarori 4-bandiga
jismoniy shaxslarga va tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlar
qonunchilik hujjatlarida boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularning
ixtiyoriga ko‘ra tuzilgan shartnomalarga asosan qo‘riqlanadi.
Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga asosan, fuqarolar va
yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar, shartnoma tuzishga majbur
qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, shartnoma tuzish qonunda yoki olingan majburiyatda
nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
“O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori bilan
tasdiqlangan “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini
olish bo‘yicha manzilli choralar” Konsepsiyasida bozorlar, savdo markazlari,
avtoshohbekatlar, metroning aholi gavjum bo‘lgan bekatlari va istirohat
bog‘lari, restoranlar, kafe, bar va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, shuningdek,
bo‘sh turgan xonadonlar uchun qo‘riqlash xizmatidan foydalanish majburiy etib
belgilanishi ko‘rsatilgan.
G‘ozg‘on shahrida tadbirkorlarga majburiy signalizatsiya va
qo‘riqlov xizmati bo‘yicha shartnoma tuzishga majburlanayotganligi bo‘yicha
ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga
olinib, tadbirkorning murojaatiga asosan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida
tadbirkorga qonunchilikda majburiyat sifatida belgilanmagan muqaddam
o‘rnatilgan signalizatsiya moslamalari qaytarib olinishi, tadbirkor oldidagi qo‘riqlov
xizmati uchun to‘lov to‘lash majburiyati bekor qilinishi ta’minlandi.