
Biznes-ombudsman
tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar tadbirkorlarning
muammolarini tez va samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday
tadbirlarning birida Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “K.S.V.” MChJ
ishlab chiqarish korxonasini elektr tarmog‘iga ulash uchun texnik shart olishda
amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Korxona
ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 1300 kVt quvvatdagi elektr energiyasiga
muhtoj bo‘lgan. Biroq hudud yaqinida bunday kuchlanishli tarmoqlar mavjud
emasligi sababli, texnik shart berish ishlari to‘xtab qolgan edi.
Biznes-ombudsman
aralashuvi bilan soha mutaxassislari jalb etilib, muammoning eng maqbul yechimi
sifatida “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi “Pastdarg‘om” nimstansiyasi
belgilandi.
Ko‘rilgan
choralar natijasida, “HET” Samarqand filiali tomonidan tadbirkorga elektr
ta’minoti bo‘yicha texnik shart rasmiylashtirib berildi. Ushbu hujjat qisqa
fursatda "O‘zbekiston MET" AJ bilan kelishildi.
Eslatma:
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-avgustdagi 555-son qaroriga muvofiq, yuridik
shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha xizmatlar Davlat xizmatlari
markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali
amalga oshiriladi.