“Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–47-son, 05.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy
etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy
qilinadi:
2027-yildan har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq
stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan
ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi:
suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer
maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan
subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi;
suv bilan barqaror ta’minlangan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer
maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinmaganda, suv resurslaridan
foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
2027-yildan sholi
yetishtiriladigan maydonlarning suvning kirish qismi hamda baliqchilik
xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suvning kirish va chiqish qismiga
tadbirkorlar o‘z mablag‘laridan “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash vositalarini
o‘rnatishi majburiy etib belgilanadi.
Bunda “aqlli” suv o‘lchash va hisoblash
vositalari o‘rnatilmaganda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq
stavkasi 2 barobarga oshirilgan miqdorda hisoblanadi.
Qarorga
ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda
ta’minotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan suv tejovchi
texnologiyalarning nasos va filtr qurilmalarini raqamli QR-kodli maxsus
yorliqlangan belgi ostida ishlab chiqarish va sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi
(GPS treker)ni o‘rnatish tartibi joriy etiladi.
2026-yil
1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari majburiy tartibda
tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida amalga oshiriladi.
2026-yil
1-oktyabrdan suv tejovchi texnologiyalarni bank kreditlarini olmasdan o‘z
mablag‘lari hisobidan joriy qiladigan tashabbuskorlarga subsidiya ajratishning
quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:
loyiha
tashabbuskori tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun
qo‘yiladigan minimal talab va me’yorlar doirasida loyiha-smeta hujjatlari
ishlab chiqiladi;
ishlab
chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari hamda loyihani amalga oshirish bo‘yicha
ta’minotchi korxona bilan tuzilgan shartnoma, ushbu texnologiyalar uchun
belgilangan tartibda hisob-kitob qilingan subsidiyaning 50 foizini Agrar sohada
to‘lovlar agentligi tomonidan oldindan ajratishga asos bo‘ladi;
suv
tejovchi texnologiyalar loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq o‘rnatilib,
foydalanishga topshirilganidan so‘ng hisob-kitob qilingan subsidiya
mablag‘larining qolgan 50 foizi loyiha tashabbuskoriga to‘lab beriladi;
subsidiyaning
dastlabki 50 foizi to‘lab berilganidan so‘ng ikki oy muddat ichida
texnologiyalar o‘rnatilib ishga tushirilmaganda, ajratilgan subsidiyalar
belgilangan tartibda qaytariladi.