
Bugun,
25-noyabr – Biznes-ombudsman devoni OAV vakillari uchun Navoiy viloyatida
"Tadbirkorlar huquqlari va biznes imkoniyatlari" mavzusidagi
press-turni tashkil etdi.

Press-tur
doirasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda
Biznes-ombudsman institutining tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya
qilishdagi muhim roli va uning faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Press-tur
doirasida Navoiyda qurilish, qishloq xoʻjaligi, transport, asalarichilik va
xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Press-tur
doirasida OAV xodimlari Navoiy viloyatdagi bir qator yirik tadbirkorlik
subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishishdilar.

Ilk manzil
– “TURKISH-LAB” MChJ. 2024 yilda faoliyatini boshlagan korxona tibbiy xizmat
koʻrsatadi, qon tahlili boʻyicha laboratoriyaga ega.

Soʻngra
tadbir ishtirokchilari navbatdagi manzil sari yoʻl oldilar. Ular 2006 yilda
alyuminiy profillari ishlab chiqarishni boshlagan “AKFA EXTRUSIONS” MChJ
faoliyati bilan tanishdilar. Mazkur korxonada yiliga xalqaro standartlarga
javob beruvchi 50 ming tonna alyuminiy profillari ishlab chiqariladi.

Mazkur
mahsulotlar Rossiya, AQSh, Polsha, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston,
Tojikiston va Ukraina kabi davlatlarga eksport qilinadi. Hozirgi kunda
korxonada 300 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.

«Zarafshon
golden group» MChJ press-turning soʻnggi manziliga aylandi. 2018 yil Karmana
tumanida tashkil etilgan korxona bugungi kunda koʻp tarmoqli, qurilish, xizmat
koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, taʼlim sohalarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Qishloq xoʻjaligi sohasida korxona tomonidan Yevropa standartlari asosida zamonaviy issiqxona tashkil etilib, yetishtirilgan gullar va ularning urugʻlari, meva-sabzavotlar va ularning nihollari koʻplab xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Korxonada umumiy 2 000 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.


