
Biznes-ombudsman devoni tomonidan respublika bo‘ylab tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini bevosita o‘rganish maqsadida tizimli uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Jizzax shahri va Do‘stlik tumanida o‘tkazilgan «Biznes muloqot» tadbirlarida 100 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Moliyalashtirish, kredit, soliq va infratuzilma masalalari bo‘yicha kelib tushgan 15 ta murojaatning 8 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qolgan masalalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Termiz shahrida FVB va Biznes-ombudsman devoni mas’ullari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Uchrashuvda investitsiya loyihalari va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilinib, kelib tushgan murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.

Namangan viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan hamkorlikda eksportchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda mahsulot yetishtirish va eksport qilishdagi tizimli muammolar hamda tekshirishlarning qonuniyligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Bektemir tumanida Prezidentning PF-229-sonli Farmoni ijrosi doirasida sayyor qabul tashkil etildi. Tadbirkorlarning adolatli raqobat muhiti va faoliyatdagi to‘siqlar bo‘yicha murojaatlari tinglanib, ayrim masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladiganlari tegishli tashkilotlarga yo‘naltirildi.

