
Andijon viloyati Asaka tumanidagi “A.T.” MChJ rahbari viloyat Transport boshqarmasining qaroridan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Transport boshqarmasi jamiyatni "litsenziya talablariga rioya qilmagan" deb topib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima qo‘llagan. Vaholanki, tadbirkor 2021-yilda yo‘lovchi tashish faoliyati uchun qonuniy va cheklanmagan muddatga litsenziya olgan bo‘lib, uning faoliyati qonun doirasida bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni 52-moddasiga muvofiq, faoliyat litsenziyasiz yoki litsenziya amal qilishi to‘xtatib turilgan holatda, yoki qalbaki hujjatlar asosida olingan bo‘lsa, yuridik shaxslarga jarimalar qo‘llanishi mumkin. Ammo mazkur holatda tadbirkor qonunchilik talablariga asosan litsenziyaga ega bo‘lgan.
Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor manfaatida Andijon tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritildi. Natijada, sud jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi hamda davlat organiga nisbatan xususiy ajrim chiqardi. Sud qarorida davlat idoralari o‘z faoliyatida qonuniylik va mutanosiblik tamoyillariga amal qilishi shartligi alohida ta’kidlandi.