
Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “P.A.” MChJ rahbari shartnoma majburiyatlari bajarilmayotganidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, “P.A.” MChJ va “Navoiyuran” DK o‘rtasida Zafarobod qo‘rg‘oni hududida sug‘orish tizimini yaratish bo‘yicha qiymati 2,7 mlrd so‘mlik shartnoma imzolangan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, buyurtmachi ishlarni boshlash uchun 30 foiz (824 mln so‘m) miqdorida oldindan to‘lov (avans) amalga oshirishi lozim edi.
Biroq tadbirkor bilan ilgari hamkorlik qilinmagani, kelgusida iqtisodiy jinoyat kelib chiqishi mumkinligining oldini olish kabi sabablar bilan to‘lov kechiktirilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha pudratchi shartnomada belgilangan muddatda buyurtmachining topshirig‘i bilan muayyan ob’ektni qurish yoki boshqa qurilish ishini bajarish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa pudratchiga ishni bajarish uchun zarur sharoit yaratib berish, ishni qabul qilish va kelishilgan haqni to‘lash majburiyatini oladi.
Murojaatni o‘rganish davomida Biznes-ombudsman tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun 824 mln so‘m pul mablag‘i jamiyat hisob raqamiga ko‘chirib berilishi ta’minlanib, tadbirkorning murojaati ijobiy hal etildi.