“2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–58-son, 11.02.2026-y.) qabul qilindi.
2026-yilda Navoiy viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, loyihaviy yondashuv asosida ixtisoslashuvni chuqurlashtirish maqsadida:
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilgan 8 ta qishloq tumanidan tanlab olingan 16 ta mahallada shahar muhiti va qulay yashash sharoitlari yaratiladi;
Og‘ir toifadagi Konimex va Navbahor tumanlari hamda kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 12 ta og‘ir toifadagi mahallada aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan kompleks infratuzilmaviy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
Viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish uchun ushbu mahallalarga 60 ta tik quduq qazish, transformator o‘rnatish, elektr tarmog‘i tortish va sug‘orish tarmoqlarini betonlash tadbirlari amalga oshiriladi.
2026–2027-yillarda Navoiy viloyatida tuyachilik va yilqichilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardan sut va go‘sht yo‘nalishidagi zotli tuya va otlar olib kelinadi.
Grant mablag‘larini jalb etgan holda aholi va chorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud mayda shoxli mollar 2026–2027-yillar davomida to‘liq identifikatsiya qilinadi.