
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sh” fermer xo‘jaligi rahbari yetishtirgan paxta mahsuloti uchun subsidiya puli to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.09.2025-yildagi PQ-290-son qarori 5-bandiga ko‘ra, Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 2025-yil paxta hosilini nobud qilmasdan, o‘z vaqtida terib olishni ta’minlash maqsadida fermer xo‘jaliklariga ular tomonidan qayta ishlovchi korxonalarga, shu jumladan, klasterlarga birja savdolari orqali sotilgan (elektron hisob-faktura rasmiylashtirilgan) har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 06.12.2025-yildagi 771-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi subyektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi subyektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million so‘mdan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Biznes-ombudsmanning qonuniy talablari asosida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 50 mln 496 ming so‘m subsidiya mablag‘i to‘lab berilishi ta’minlandi.