
Toshkent viloyati Zangiota tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “N.S.M.” xususiy korxonasi mehmonxona binosi uchun ichimlik va oqova suv xizmatlaridan 106 million so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblanganidan shikoyat qilib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Mazkur murojaat asosida Biznes-ombudsman devoni xodimlari va soha mutaxassislari ishtirokida o‘rganish o‘tkazildi. “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJning rasmiy ma’lumotlari tahlil qilinganda, suv sarfi bo‘yicha tuzilgan hisob-kitoblarda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Olib borilgan qayta hisob-kitoblar natijasida noturar obyektga nisbatan hisoblangan 106 million so‘mlik to‘lovlar to‘liq bekor qilindi va tadbirkorning huquqlari tiklandi.
Bu kabi holatlar tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash borasidagi tizimli ishlarning uzviy qismidir. Hurmatli tadbirkorlar, agar faoliyatingizda asossiz moliyaviy talablarga duch kelsangiz, Biznes-ombudsmanga murojaat qilish huquqiga egasiz.