Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi "S.D.F." MChJ “Agrobank” ATB Narpay filiali tomonidan ortiqcha mablag‘ undirilganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, bank tomonidan Jamiyatga ajratilgan kredit qarzdorligi o‘z vaqtida qaytarilmaganligi sababli, bank sudga da’vo arizasi kiritgan. Sud qaroriga asosan qarzdorlik to‘liq undirilgan. Biroq, bank mas’ullari qonunchilik talablarini e’tiborsiz qoldirib, sud qarori chiqarilgan sanadan to pul mablag‘lari amalda undirilgan sanaga qadar bo‘lgan davr uchun ham tadbirkorga qo‘shimcha foizlar hisoblagan va undirib olgan.
“Fuqarolik kodeksi”ning 744-moddasida kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda sud qarorida ko‘rsatilgan, kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishi belgilangan. Shunga qaramay, tadbirkorning ushbu mablag‘ni qaytarish yuzasidan bankka qilgan murojaatlari samara bermagan.
Murojaatni o‘rganish natijasida Biznes-ombudsman tomonidan “Agrobank” ATB respublika boshqaruviga noqonuniy undirilgan mablag‘larni qaytarish yuzasidan tegishli Xulosa kiritildi. Natijada, tadbirkordan ortiqcha undirilgan 44 mln so‘m mablag‘ "S.D.F." MChJ hisob raqamiga qaytarib berilishi ta’minlandi.