Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar tartibi, xususan, ularni tashabbus qilishda Biznes-ombudsman bilan kelishish talab etilishi haqidagi turlicha fikr va talqinlar tarqalmoqda.
Mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–184-son Farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga, davlat manfaatlariga yoki atrof-muhitga zarar yetkazish xavfining tezkor oldini olish yoki bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladigan tekshiruvlar tekshiruv boshlanganidan so‘ng 24 soat ichida «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi orqali Biznes-ombudsmanni xabardor qilish sharti bilan amalga oshirilishi belgilangan.
Biznes-ombudsman tekshiruvlarni kelishmaydi, balki ularning qonuniyligini monitoring qiladi.
Bu jarayon asossiz tekshiruvlarning oldini olishga xizmat qiladi.