24-Mart, 2026-yil

Biznes-ombudsman ko‘magida elektr ta’minotidagi noqonuniy xatti-harakatlar va texnik muammolar bartaraf etildi


Elektr ta’minoti korxonalari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan asossiz hisob-kitoblar, ogohlantirishsiz tarmoqdan uzishlar va texnik nosozliklar tadbirkorlar faoliyatiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Biznes-ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar asosida bir qator hududlarda tadbirkorlarning huquqlari tiklandi.


 Namangan viloyati: Davlatobod tumanidagi “S.M.” MChJga nisbatan tarif guruhi noto‘g‘ri qo‘llanilib, asossiz ravishda 317 mln so‘m qarzdorlik hisoblangan. Biznes-ombudsmanning xulosasidan so‘ng ushbu summa qayta hisob-kitob qilinib, 6,6 mln so‘mgacha (qariyb 50 barobarga) kamaytirildi.


Jizzax viloyati: Sh.Rashidov tumanida tadbirkorga alohida hisoblagich o‘rnatilmaganligi vaji bilan 38 mln so‘m zarar hisoblangan. Biroq, tadbirkor hisoblagich o‘rnatish bo‘yicha avvalroq murojaat qilgan bo‘lsa-da, ta’minotchi korxona buni bajarmagan. Vakil devoni ko‘rsatmasi bilan noqonuniy dalolatnoma bekor qilinib, aybdor xodimlarga chora ko‘rildi.


 Farg‘ona viloyati: Buvayda tumanidagi “D.Ch.” fermer xo‘jaligi qo‘shni xo‘jaliklarning qarzi sababli, hech qanday ogohlantirishsiz elektrdan uzib qo‘yilgan. Biznes-ombudsman aralashuvi bilan fermerning huquqlari tiklandi va elektr ta’minoti qayta tiklandi.


Sirdaryo viloyati: “S.P.” MChJ ishlab chiqarish korxonasi ogohlantirishsiz tarmoqdan uzilgani va kuchlanish pastligi sababli ishlab chiqarish uskunalari ishdan chiqayotganidan shikoyat qildi. Vakil devoni va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari ishtirokida “Feruz” podstansiyasida o‘rganish o‘tkazildi. Natijada “Sirdaryo MET” filiali tomonidan rostlash ishlari amalga oshirilib, kuchlanish me’yorga keltirildi.


Eslatma: amaldagi qoidalarga ko‘ra, iste’molchilarni ogohlantirishsiz tarmoqdan uzish yoki ularning aybisiz yuzaga kelgan holatlar uchun javobgarlik yuklash qonunga ziddir.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение