17-Mart, 2026-yil

Shahrisabzda tadbirkor faoliyatida noqonuniy tekshirish o‘tkazgan mansabdor jazolandi


Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish va tekshiruvlarning qonuniyligini ta’minlash Biznes-ombudsman devonining asosiy vazifalaridan biridir. Navbatdagi o‘rganishlar natijasida nazorat organi tomonidan amaldagi tartiblarga rioya etilmagani aniqlandi.   


Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli umumiy ovqatlanish shohobchasida Shahrisabz shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektori tomonidan tekshirish o‘tkazilgan.   


Biroq, ushbu tekshiruv “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan holda, noqonuniy amalga oshirilgan. Ushbu asossiz tekshiruv natijasida tadbirkorga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, jazo qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.   


Qonunchilikka ko‘ra, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” tizimida ro‘yxatga olinishi shart. Tizimda ro‘yxatga olinmagan har qanday tekshiruv noqonuniy hisoblanadi. Tekshiruv natijalari uch kun muddatda mazkur tizimga kiritilishi belgilangan.   


Biznes-ombudsman devonining qonuniy talabiga asosan, Qashqadaryo viloyati FVB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada, qonunchilik talablarini buzgan Shahrisabz shahar bo‘limi katta inspektoriga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishi ta’minlandi.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение