
Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi “N.R.Y.” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.I.ning yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga kelgan to‘siqlar yuzasidan qilgan murojaati Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, Jomboy tumanidagi 22,97 gektar yer maydoni 39 yil muddatga ijaraga berish bo‘yicha elektron-onlayn auksionga chiqarilgan. 2026-yil 6-yanvardagi auksion natijalariga ko‘ra, fermer Sh.I. g‘olib deb topilgan. Biroq tadbirkorning yer ijara shartnomasini tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha og‘zaki murojaatlari davlat idoralari tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi 131-sonli qaroriga asosan, elektron onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.
Biznes-ombudsman nazorati ostida o‘tkazilgan o‘rganishlardan so‘ng, joriy yilning 10-mart kuni vakolatli tashkilotlar tomonidan barcha hujjatlar rasmiylashtirildi. Natijada, 22,97 gektar yer maydoniga bo‘lgan huquqlar fermer xo‘jaligi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi.