Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani markazidagi ko‘cha bo‘yida joylashgan tadbirkorlarning do‘konlari buzilayotgani hamda ularga kompensatsiya pullari berilmayotgani haqida tarqalgan xabarlar bo‘yicha Biznes-ombudsman quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizdir. Mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
Qonunchilikka ko‘ra, davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan, mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.
Hozirda mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olindi. Qonunbuzilish holatlari aniqlansa, tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralar ko‘rilishi ma’lum qilinadi.