Bugun, 19 fevral kuni Biznes-ombudsman Abdumannop Buriev Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Beybut Atamqulov bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, xususan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1000 dan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Qozog‘istonda esa 8000 dan ortiq o‘zbek kompaniyalari yengil sanoat, qurilish va IT sohalarida o‘z o‘rnini topgan.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat biznes-hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, qozog‘istonlik tadbirkorlarning O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquqiy himoyasini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, ikki davlat Biznes-ombudsmanlari instituti o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlikni faollashtirish, hududlar va chegara oldi hududlarida tadbirkorlik subyektlari uchun ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish hamda bojxona va yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbuslarni amalga oshirish, jumladan, Qozog‘iston biznes vakillari ishtirokida muntazam «Ochiq muloqot»lar tashkil etish hamda tadbirkorlar muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.