
Namangan viloyatida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasida Biznes-ombudsman vakili hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazildi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mahkumlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan birga, ularning kelgusida ijtimoiy moslashuvini ta’minlash, ozodlikka chiqqandan so‘ng shaxsiy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga zamin yaratishdir.
Tadbir davomida Biznes-ombudsman vakili, Oshpazlar va Hunarmand uyushmalari mutasaddilari koloniyadagi Kasb-hunar markazi faoliyatini o‘rgandilar. Oshpazlik va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qishni tamomlagan mahkumlarga kelgusida o‘z biznesini boshlashlari uchun yordam beradigan maxsus sertifikatlar topshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra (29.08.2017 yildagi O‘RQ-440-son), Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik faoliyati sohasidagi jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha gumon qilinayotgan, ayblanayotgan va hukm qilingan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashish uchun qamoqda saqlash joylariga, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega.
Uchrashuv mobaynida mahkumlar bilan ochiq muloqotlar va sayyor qabullar o‘tkazilib, ularning huquqiy masalalar hamda sud qarorlaridan norozilik bo‘yicha murojaatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.