
Jazoni o‘tab qaytgan fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi davlatimizning doimiy e’tiborida.
Aniqlanishicha, Angor tumanida yashovchi, JIEDdan ozod etilgan fuqaro o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish maqsadida “B.M.A.” MChJni tashkil etgan. U Vazirlar Mahkamasining 158-sonli qarori asosida subsidiya olish maqsadida “online-mahalla” platformasi orqali 10 dan ortiq ariza yuborgan. Ammo turli sabablar tufayli murojaatlar doimiy ravishda rad etib kelingan.
Tadbirkor ko‘plab idoralarga va texnik ko‘mak markazlariga murojaat qilishiga qaramay, muammo yechilmay qolgan. Vaqt esa tadbirkorning zarariga ishlab, subsidiya olish muddati tugash arafasiga kelib qolgan edi.
Ushbu masala Biznes-ombudsman tomonidan tezkorlik bilan o‘rganib chiqildi. Jarayonga soha mutaxassislari jalb etilib, muammolar qisqa muddatda aniqlandi va bartaraf etildi.
Natijada tadbirkorga o‘z faoliyatini rivojlantirishi uchun 12,7 mln so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘i ajratilishi ta’minlandi. Murojaat ijobiy hal etilib, tadbirkorning oyoqqa turib olishi uchun real imkoniyat yaratildi.