
Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan “A.Y.Q.” MChJ rahbari Biznes-ombudsmanga murojaat qilib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni undirishda amaliy yordam so‘radi.
Aniqlanishicha, korxona va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Samarqand bo‘linmasi o‘rtasidagi shartnomaga asosan, tadbirkor 2025-yil davomida jami 30 mln so‘mlik elektr energiyasi yetkazib bergan. Biroq, shundan atigi 8 mln so‘mi to‘langan bo‘lib, 2025-yil 25-dekabr holatiga ko‘ra 22 mln so‘mlik qarzdorlik yuzaga kelgan.
Vazirlar Mahkamasining 247-son qaroriga muvofiq, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar hisob-kitob oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun o‘rnatiladigan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan to‘lab beriladi.
Yuzaga kelgan holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan xulosa kiritilishi natijasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tadbirkorga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun qolgan 22 mln so‘m mablag‘ to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi.