3-Fevral, 2026-yil

5 kunlik muddat o‘rniga 6 oy: tadbirkorga solingan katta jarima bekor qilindi


Biznes-ombudsman devoniga Qoraqalpog‘iston Respublikasida transport xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi “T.A.” MCHJ rahbari murojaat qilib, davlat organining noqonuniy qaroridan noroziligini bildirdi.


Aniqlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida jamiyatga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida yirik jarima qo‘llanilgan. Vazirlik bunga haydovchining belgilangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqqanini sabab qilib ko‘rsatgan va holatni “litsenziyasiz faoliyat yuritish” deb baholagan.


Biroq Biznes-ombudsman tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar ushbu jarima qarori amaldagi qonunchilikka, xususan, “Litsenziyalash, ruxsat etish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga zid ekanligini ko‘rsatdi.


Birinchidan, jamiyatning tegishli litsenziya varaqalari mavjud bo‘lgan. Yo‘nalish sxemasini o‘zgartirish esa litsenziyasiz faoliyat sifatida tasniflanishi mumkin emas. Qonunning 52-moddasiga binoan, jarima faqat litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz faoliyat yuritganlik uchun belgilanadi.


Ikkinchidan, jarima qo‘llash muddatlari qo‘pol ravishda buzilgan. Qonunning 53-moddasiga ko‘ra, vakolatli organ huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab 5 ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart. Mazkur holatda esa qaror huquqbuzarlik aniqlanganidan 6 oy 9 kun o‘tib qabul qilingan.


Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor manfaatida ma’muriy sudga kiritilgan arizaga asosan qo‘llanilgan jarima bekor qilindi.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение