15-Yanvar, 2026-yil

Ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi

“Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–4-son, 12.01.2026-y.) qabul qilindi.

 

Farmonga ko‘ra, to‘qimachilik korxonalarini iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratish va ular faoliyatiga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha korxonalarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.

 

Bu yerda quyidagilarga ruxsat beriladi:

 

Korxonalarga tijorat banklari tomonidan 2 mln AQSH dollarigacha ular tomonidan xarid qilingan va to‘lovlari to‘liq amalga oshirilgan yoki o‘zi yetishtirgan xomashyoni garovga olgan holda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan kreditlar ajratishga;

 

Sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddatini 7 yilgacha uzaytirib berishga;

 

Paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar bo‘yicha 2026–2027-yillarda to‘lov grafiklarida yanvar-fevral oylari uchun belgilangan to‘lovlarni kredit shartnomasiga asosan oxirgi 6 oyga teng taqsimlangan holda to‘lashga.

 

Farmonga ko‘ra, yengil sanoat korxonalarida 2026-yil 1-yanvardan quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi joriy qilinadi.

 

2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligini inobatga olgan holda paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi.

 

2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar:

 

Tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilinadi;

 

Tijorat banklari balansidagi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda to‘liq tiklash sharti bilan 1 yil muddatga mol-mulk solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashga ruxsat beriladi;

 

Charm-poyabzal, mo‘ynachilik korxonalari va chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение