23-Dekabr, 2025-yil

Yillik sarhisob. Tadbirkorlarga ortiqcha hisoblangan kredit foizlari bekor qilindi

Biznes-ombudsman devoni tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida tijorat banklari tomonidan sudning hal qiluv qarori chiqarilgandan so‘ng ham tadbirkorlarga kredit foizlari hisoblab kelingan holatlar aniqlandi.


Fuqarolik kodeksining 744-moddasiga ko‘ra, kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, sud qarorida ko‘rsatilgan, kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida hamda 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.


O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, ayrim bank filiallari sud qarorlari bilan qarzdorlik undirilishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, keyingi davrlarda ham kredit foizlarini hisoblashni davom ettirgan. Bu esa amaldagi qonunchilik talablariga zid bo‘lib, tadbirkorlik subyektlariga asossiz moliyaviy yuk yuklatilishiga olib kelgan.


Xususan, Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yildagi hal qiluv qarori bilan “Mikrokreditbank” ATB Uzun filiali foydasiga “S.Sh.” SICHK hisobidan 653,3 mln so‘m qarzdorlik undirilishi belgilangan. Shunga qaramasdan, sud qaroridan keyin 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 2-iyunga qadar 200,7 mln so‘m miqdorida kredit foizlari asossiz hisoblangan. Biznes-ombudsman devoni aralashuvi natijasida mazkur mablag‘lar qarzdorlik hisobidan chiqarildi.


Surxondaryo viloyatida joriy yil davomida murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlarida jami 0,5 milliard so‘mdan ortiq miqdorda kredit foizlari asossiz hisoblanganligi aniqlanib, Biznes-ombudsman devoni tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida mazkur mablag‘lar bekor qilindi va tadbirkorlarning huquqlari tiklandi.

Шавкат Мирзиёв

Ўзбекистон Республикаси Президенти

“Ўзбекистонда тадбиркорлик ҳаракати орқага қайтариб бўлмайдиган катта кучга айланди. Тадбиркорларимиз қанча бой бўлса, халқимиз шунча фаровон яшайди, давлатимиз шунча қудратли бўлади. Тадбиркорнинг ютуғи – бу бутун халқимизнинг ютуғи”

Text to speech
Звуковое сопровождение