Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni fuqaro va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Joriy yilda oʻzining 30 yilligini nishonlayotgan
Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qator
chora-tadbirlar bajarildi. Jumladan, 2021-yilda Konstitutsiyaviy sud
toʻgʻrisidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, samarali konstitutsiyaviy
nazorat tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud oʻz vakolatlarini
toʻlaqonli amalga oshirishini taʼminlash bugungi kunning dolzarb vazifasi
boʻlib, mazkur yoʻnalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish taqozo
etilmoqda.
Taqdimotda bu boradagi takliflar koʻrib chiqildi.
Jumladan, Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili mamlakatda
konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash boʻyicha taqdim etib boriladigan
taklif va tavsiyalarni amalga oshirishning samaradorligi oshiriladi.
Bunda Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqaro va
tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartib-taomillari
maqbullashtiriladi, sansalorliklar bartaraf etiladi.
Shuningdek, “konstitutsiyaviy shikoyat” instituti
samaradorligini oshirish va murojaat etuvchilarning sud himoyasini taʼminlash
maqsadida sud ishida qoʻllanilgan qonun Konstitutsiyaga muvofiq emas deb
topilgan taqdirda tegishli sud hujjatini qayta koʻrib chiqish tartibini joriy
etish taklif qilindi.
Taqdimotda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini raqamlashtirish
orqali aholiga qulaylik yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Xususan, Konstitutsiyaviy sud majlislarida masofadan onlayn
tarzda ishtirok etish, sud majlislarini internet orqali translyatsiya qilib
borish, vazirlik va idoralar oʻrtasida elektron axborot almashinuvini yoʻlga
qoʻyish rejalashtirilgan.
Konstitutsiyaviy sudning xalqaro maydondagi nufuzini
oshirish, xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy sudlari bilan hamkorlikni
mustahkamlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Sudning Osiyo konstitutsiyaviy
sudlari assotsiatsiyasiga raisligi doirasida mamlakatimizda va xorijda qator
xalqaro tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Odil sudlovni taʼminlashga oid boshqa masalalar, xususan,
iqtisodiy va maʼmuriy sudlarni aholi hamda tadbirkorlarga yanada
yaqinlashtirish ham koʻrib chiqildi. Jumladan, ushbu sudlarga murojaat qilishda
eksterritorial sudlovga tegishlilikni avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali
hal qilish tashabbusi ilgari surildi.
Prezidentimiz takliflarni qoʻllab-quvvatlab, ularni sifatli
va tizimli amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.