“Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–240-son, 03.12.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (Markazlar) faoliyatini kengaytirish;
2026–2027 yillarda “HAMROH” xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash kompaniyasi” MChJ (Kompaniya) tomonidan:
6 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 2 trln soʻm yoʻnaltirish;
2,8 ming nafar xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish;
2 ming nafar xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatiga hamrohlik qilish asosida koʻmaklashish.
Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tashkil etilgan Markazlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish kabi faoliyatlarni tashkil etish uchun ijaraga beriladi.