“Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–229-son, 24.11.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martga qadar:
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar amalga oshiriladi;
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.
Maxsus komissiyaga quyidagi vakolatlar beriladi, jumladan:
tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish;
transportlar harakatini cheklash;
atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxona va boshqa ob’ektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish;
Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilash;
qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish, shu jumladan qurilish vaqtida changni bartaraf etuvchi uskunalarni o‘rnatish.
Farmonga ko‘ra, maxsus komissiya Toshkent shahrida qurilish uchun ajratilgan 500 m2 va undan ortiq maydonlarda quyidagi talablar asosida kompleks tekshiruvni amalga oshiradi:
umumiy maydonining 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilgani;
suv purkagichlar o‘rnatilgani;
kirish-chiqish yo‘laklarida avtotransportlar g‘ildiraklarini yuvish hovuzlarining barpo etilgani.
qurilish materiallari va maishiy chiqindilarni tashishda transportlarning brezent yoki PVX qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan yopilgan tarzda harakatlanishi.
Shuningdek, maydoni 1 000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan qurilish uchastkalarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va uni Ekologiya qo‘mitasiga integratsiya qilish qurilishni davom ettirishning eng asosiy sharti etib belgilanadi.
Shaxslar o‘zlari egalik qilib turgan yer maydoni hududidagi dov-daraxtlarni sug‘orish maqsadida ichimlik suvidan foydalanish vaqtiga qo‘yilgan cheklov (soat 00:00 dan boshlab, 05-00 gacha) bahor va yoz fasllarida bekor qilinadi. Bunda:
ichimlik suvidan boshqa maqsadlarda foydalanish bo‘yicha cheklov o‘z kuchida qoladi;
ko‘p kvartirali uylarga sug‘orish uchun suv rezervuarlarini o‘rnatish choralari ko‘riladi.
Farmonga ko‘ra, atmosfera havosining PM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinadi.
2026 yil bahor hamda kuz mavsumlarida Toshkent shahrining 33 km uzunligidagi kichik halqa yo‘li bo‘ylab “Yashil koridor” loyihasi amalga oshiriladi.
2026 yil 1 aprelgacha “Yashil Toshkent” master rejasi ishlab chiqiladi.
Toshkent shahrining barcha tumanlarida “yashillik” darajasi past bo‘lgan 3 tadan uzunligi 5 kmdan kam bo‘lmagan ko‘chalarni tanlab olish orqali “Soyali sayr ko‘cha”si tashkil qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.