Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga moʻljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Atmosfera havosining sifatini yaxshilash, shahar va
hududlarda yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik taʼlim va madaniyatni
yuksaltirish, shuningdek, choʻllanishga qarshi kurashishning ilmiy va amaliy
asoslarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar koʻrib chiqildi.
Avvalo,
“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlar haqida
axborot berildi.
Qayd
etilganidek, bugungi kunda Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi
belgilangan meʼyordan yuqori boʻlishi holatlari kuzatilmoqda. Bu Navoiy,
Fargʻona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham qayd etilmoqda. Havo
ifloslanishining asosiy omillari sifatida sanoatning oʻsishi, uglerod
yoqilgʻilaridan keng foydalanish, transport vositalari sonining koʻpayishi,
tabiiy omillar va nazoratning yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu
munosabat bilan 2030-yilga qadar atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi
moddalar hajmini qisqartirish, sanoat obyektlarida tashlamalarni ushlab qolish
ulushini oshirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish hamda
PM2,5 boʻyicha meʼyordan oshish kuzatiladigan kunlar sonini pasaytirish asosiy
maqsadlar etib belgilangan.
Amalga
oshirilgan tezkor choralar natijasida Toshkent shahrida havo sifati muayyan
darajada yaxshilangan. Jumladan, 2026-yil yanvar-fevral oylarida PM2,5
konsentratsiyasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli pasaygan. Endi
bu yoʻnalishda hududiy dasturlar bosqichma-bosqich qabul qilinib, har bir
viloyatda tahlil va diagnostika, yagona havo monitoringi hamda ifloslanish
manbalarini inventarizatsiya qilish ishlari tashkil etiladi.
“Toza havo”
loyihasida energetika va sanoat tarmoqlariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Mahsulotining maʼlum qismini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqaradigan
korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy ragʻbatlar berish, avtomatik
monitoring stansiyalari, filtrlar, chang-gaz tozalash hamda energiya samarador
uskunalarni keng joriy etish koʻzda tutilgan. Toshkent shahri va unga tutash
hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari
oʻrnatilib, ularning maʼlumotlari yagona geoaxborot tizimiga integratsiya
qilinadi. Bunday talablarga amal qilmagan subyektlar uchun kompensatsiya
toʻlovlari keskin oshiriladi.
Qurilish
sohasida ham ekologik talablar kuchaytiriladi. Yangi quriladigan yirik
obyektlarni loyihalashtirishda koʻkalamzorlashtirish darajasini oshirish,
qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va
konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya toʻsiqlari bilan oʻrash,
onlayn kuzatuv kameralarini oʻrnatish kabi talablar belgilanmoqda.
Shuningdek,
“shamol yoʻlaklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini qurilish
jarayonlarida majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini
boshqarish boʻyicha master-reja ishlab chiqish taklif etildi.
Tabiiy
chang omillarini kamaytirish boʻyicha ham aniq choralar belgilangan. Toshkent
shahri atrofida “yashil belbogʻ” barpo etish, Surxondaryo va Sirdaryoda chang
boʻronlarining oldini olish uchun “yashil devor”lar tashkil qilish, sunʼiy
koʻllar va suv havzalarini barpo etish, poytaxt tumanlarida favvoralarning
sonini koʻpaytirish, barglarni kompost va mulcha sifatida qayta ishlash
amaliyotini yoʻlga qoʻyish shular jumlasidandir. Bularning barchasi havo
tarkibidagi chang zarrachalarini kamaytirish va shahar muhitini
sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi.
Transport
sohasida havoni muhofaza qilish boʻyicha alohida yoʻnalishlar ham belgilangan.
Motor yoqilgʻisi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish, avtotransport
vositalarini “qizil”, “sariq” va “yashil” stikelarni bergan holda ekologik
toifalarga ajratish, texnik koʻrikni ekologik talablar bilan bogʻlash, eski
avtotransportni yangilash dasturlarini amalga oshirish, jamoat transporti
ulushini oshirish nazarda tutilmoqda. Bu orqali yoʻl harakati bilan bogʻliq
ifloslanish hajmini qisqartirish, ayniqsa, yirik shaharlar markazida havo
sifatini yaxshilash maqsad qilingan.
“Toza havo”
loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida issiqxonalar masalasi ham muhokama
qilindi.
Toshkent
shahri va Toshkent viloyatida issiqxona xo‘jaliklari juda ko‘p, ular orasida
isitish manbalari sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan
foydalanuvchi issiqxonalar ulushi ham yuqori, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va
PM2,5 kabi xavfli moddalar havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd
etildi. Qolaversa, Toshkent hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga
qaraganda nisbatan past bo‘lgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot
yetishtirish xarajati ancha baland. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha
harorat Selsiy bo‘yicha 6 daraja issiq bo‘lsa, Termizda – 10,8 daraja issiq. 1
tonna issiqxona mahsulotini yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9
million so‘mni, Surxondaryoda esa 4,9 million so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlarni
insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona
xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi
nuqtayi nazaridan ham manfaatli hisoblanadi.
Shu bois,
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va
tabiiy-iqlim sharoiti qulay boʻlgan hududlarga bosqichma-bosqich koʻchirish
taklifi bildirildi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida
940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh
nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past
boʻlib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
2026-yil
1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona
tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, koʻchirilayotgan xoʻjaliklarga
infratuzilma, kredit va logistika boʻyicha imtiyozlar berish nazarda
tutilmoqda.
Taqdimotda
“Yashil makon” doirasida botanika va dendrologiya bogʻlari konsepsiyasi
yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, botanika bogʻlari mahalliy va
xorijiy oʻsimliklarni oʻrganish, saqlash, koʻpaytirish va namoyish etishga
xizmat qilsa, dendrologiya bogʻlari daraxt va buta turlarini introduksiya
qilish, akklimatizatsiya qilish va ilmiy asosda parvarishlashga ixtisoslashgan
hududlar hisoblanadi. Konsepsiyaga koʻra, botanika bogʻlarida turli floristik
ekspozitsiyalar, oranjereya, koʻchatxona, koʻl, ichki yoʻlaklar, besedka va
gulxona kabi obyektlar joylashtiriladi.
Hozirgi
kunda mamlakatimizda 3 ta botanika bogʻi mavjud boʻlsa, loyiha doirasida yana
12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bogʻini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu
jarayonda har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, mos daraxt va
butalar tanlanadi.
2028-yilga
qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida
maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil
etish reja qilingan. Natijada 2030-yilgacha mamlakatda umumiy yashillik
darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini
20-25 foizga kamaytirish, iqlimi ogʻir hududlarda havo haroratini oʻrtacha
1,5-2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.
Shu bilan
birga, poytaxtda Milliy dendrologiya bogʻini barpo etish konsepsiyasi ham
taqdimot qilindi. Ushbu yirik yashil hududning umumiy maydoni 108 gektarni
tashkil etishi belgilangan. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt koʻchati va 100
ming tup buta oʻsimliklari ekilishi nazarda tutilgan. Park biologik
xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish,
ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, shahar
mikroiqlimini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi. Bogʻ havo haroratini 2-4
darajaga pasaytirib, namlikni 10-15 foizga oshirishi mumkin.
Milliy
dendrologiya bogʻi faqat koʻkalamzor hudud emas, balki ilmiy, maʼrifiy va
jamoat makoni sifatida ham shakllantiriladi. Unda “Dunyo daraxtlari” hududi, 6
ta iqlim mintaqasiga xos oʻsimliklar kolleksiyasi, mevali va mahalliy
daraxtzorlar, dorivor oʻsimliklar bogʻi, oranjereya, gulzorlar, dam olish
maydonlari, piyodalar va velosiped yoʻlaklari, avtoturargoh, tashrif
buyuruvchilarni kutib olish maydoni barpo etiladi.
Bogʻning
markaziy qismida 1 gektarlik sunʼiy koʻl va uning atrofida sakura bogʻi tashkil
qilish rejalashtirilgan. Park infratuzilmasida quyosh panellari, qayta
ishlangan materiallardan tayyorlangan skameyka va besedkalar,
avtomatlashtirilgan tomchilatib sugʻorish tizimi kabi zamonaviy ekologik
texnologiyalardan foydalanish koʻzda tutilgan. Bu yer Markaziy Osiyo
atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi universiteti (“Green University”) uchun tabiiy
laboratoriya, aholi uchun esa bioturizm va ekotaʼlim markaziga aylanadi.
“Ekomadaniyat”
umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni
bir-biriga bogʻlagan holda yangi tizim yaratish rejalashtirilgan.
Mazkur
sohada xalqaro standartlarga mos mutaxassislar yetishmayotgani, aholi oʻrtasida
ekologik ong va barqaror odatlar hali yetarli darajada shakllanmagani,
innovatsiya va iqlim texnologiyalarini amaliyotga joriy qila oladigan kadrlar
taqchilligi mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan 2026/2027-oʻquv yilidan
boshlab 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green
University” tizimiga akademik hamkorlik asosida biriktiriladi.
Loyihaga
koʻra, tayyorlanadigan oʻquvchi va talabalar soni yil sayin oshirilib,
2028-2029-oʻquv yiliga borib, 10 ming nafarga yetkaziladi. Bakalavriat va
magistraturada atrof-muhit va barqaror boshqaruv, yashil iqtisodiyot,
atrof-muhit muhandisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanishga qarshi kurashish,
barqaror shaharsozlik, barqaror energiya almashinuvi kabi yangi yoʻnalishlar
ochiladi. Taʼlim jarayonida dual tizim joriy qilinib, nazariy bilim bilan
amaliyot uygʻunlashtiriladi. Universitet taʼlim tizimini rivojlantirish,
ilmiy-innovatsion loyihalar va targʻibot ishlari uchun katta miqdorda mablagʻ
ajratish koʻzda tutilgan.
Aholi
orasida ekologik madaniyatni oshirish uchun “10 ming qadam piyoda” tashabbusini
tiklash, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, shuningdek,
Samarqand shahrida GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro
koʻrgazmasini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Taqdimotda
choʻllanishga qarshi kurash strategiyasi loyihasi ham alohida koʻrib chiqildi.
Qayd
etilganidek, Oʻzbekiston hududining 70 foizi arid zonadan iborat boʻlib,
yerlarning 70 foizdan ortigʻi degradatsiyaga uchragan. Yer resurslarining
yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol
dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan va
hududning 56 foizi shamol eroziyasi taʼsiri ostida qolgan.
Shu
munosabat bilan “Green University” huzurida mintaqaviy qoʻshma ilmiy-tadqiqot
markazini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu markaz choʻllanishni boshqarish
boʻyicha Markaziy Osiyodagi birinchi ilmiy xabga aylanishi koʻzda tutilmoqda.
Markaz tarkibida 15 ta ixtisoslashgan laboratoriya faoliyat yuritadi, sputnik
maʼlumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini
raqamli monitoring qilish yoʻlga qoʻyiladi, qurgʻoqchilikka chidamli
oʻsimliklar boʻyicha genetik bank shakllantiriladi, tuproqning kimyoviy va
fizik tahlil tizimi takomillashtiriladi. Buning natijasida choʻllanishni
prognoz qilish va xaritalash milliy tizimi yaratiladi, Orolboʻyi va qurgʻoq
hududlarda yashil qoplama kengaytiriladi, yaylovlardan barqaror foydalanish
hamda choʻl iqtisodiyoti modellari joriy etiladi.
Davlatimiz
rahbari taqdimot qilingan loyihalarning ekologik barqarorlikni taʼminlash,
aholi salomatligini muhofaza qilish, shahar va qishloq muhitini yanada
qulaylashtirish, shuningdek, ushbu sohada ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni
keng joriy etishdagi muhim ahamiyatini qayd etib, ularni maʼqulladi.