
Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “A.S.” fermer xo‘jaligi rahbari asossiz elektr energiya hisobolanganligidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orishda “S.G.F.” MChJga tegishli bo‘lgan suv nasosi va elektr hisoblagichdan subiste’molchi sifatida foydalanib kelgan.
Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan Qoidalarga ko‘ra, subiste’molchilar iste’molchilar bilan kelishilgan holda umumiy hisoblagich orqali hisob-kitob qilishlari lozim.
Biroq, Bandixon tumani elektr ta’minoti korxonasi amaldagi qaror talablariga rioya qilmasdan tadbirkorning xabardorligisiz va asoslovchi hujjatlarsiz tizimda alohida shartnoma shakllantirgan. Oqibatda fermer xo‘jaligi hisobiga 84 454 kVt soat elektr energiyasi uchun qariyb 126 mln so‘m asossiz qarzdorlik yozilgan.
Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan xulosa natijasida asossiz hisoblangan 126 mln so‘mga yaqin qarzdorlik tizimdan o‘chirilib, fermerning murojaati ijobiy hal etildi.