
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “K.T.I.” MChJ rahbari soliq auditi natijalaridan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan MChJ faoliyatida o‘tkazilgan soliq auditi natijasiga ko‘ra, 430 mln so‘m soliq hisoblangan va 86 mln so‘m jarima qo‘llanilgan.
Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.09.2022-yildagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari qo‘pol ravishda buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-2-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Xususan, soliq auditi soliq to‘lovchining hududida emas, balki boshqarma binosida o‘tkazilgan. Shuningdek, axborot tizimiga tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘luvchi xabarnoma, batafsil ma’lumotlar, tasdiqlovchi hujjatlar hamda tekshiruv dasturi kiritilmagan va boshqa bir qator kamchiliklar aniqlangan.
Shu sababli, mas’ul shaxsga nisbatan Biznes-ombudsman devoni tomonidan jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Tadbirkor huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi natijasida Qarshi tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarori bilan soliq organi qarori haqiqiy emas deb topildi.