
Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi "D.T." ishlab chiqarish kooperativi rahbari binoga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishda va kadastr hujjatini rasmiylashtirishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, "D.T." ishlab chiqarish kooperativi "E-auksion" orqali omborxona binosini sotib olgan. Biroq mulkning sobiq egasi “S.S.” MCHJning 76 mln so‘m soliq qarzi borligi sababli, soliq organlari tomonidan binoga taqiq qo‘yilgan. Natijada, yangi mulkdor kadastr hujjatlarini rasmiylashtira olmagan.
Vazirlar Mahkamasining 18-sonli qaroriga ko‘ra, auksionda sotilgan mulk g‘olibga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshirilishi belgilangan.
Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan xulosa natijasida soliq boshqarmasi tomonidan mulkka qo‘yilgan taqiqlar yechildi. Sobiq egasining soliq qarzdorligini undirish ishlari mulkdorning emas, balki qarzdor korxonaning boshqa mol-mulklariga qaratildi. Tadbirkorga tegishli bo‘lgan binoning kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi.