
“X..X.O.B.” MCHJ Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi xodimlarining xatti-harakatidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Qurilish bosh boshqarmasining Yakkasaroy tuman bo‘limi arxitektori tomonidan tadbirkorning loyiha-smeta hujjatlari asossiz ravishda kelishib berilmasdan, paysalga solib kelingan.
Mazkur holat Vakil devoni tomonidan o‘rganilganda, tadbirkorning e’tirozlari asosli ekani tasdiqlandi. Ko‘rilgan tezkor choralar va qo‘yilgan qonuniy talablar natijasida tuman arxitektori loyiha-smeta hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, ijobiy xulosa berdi. Shu tariqa, tadbirkorning qonuniy talabi to‘liq qanoatlantirildi.
Shu bilan birga, xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan va qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan Qurilish bosh boshqarmasi Yakkasaroy tuman bo‘limi mas’ul xodimiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.