Qonun (O‘RQ–1108-son, 25.12.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagi holatda ma’muriy
huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritishni boshlash mumkin emasligi, boshlangan
ish esa tugatilishi lozimligi belgilandi:
Agar soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan oxirgi 3 oy
ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etilgan va keyingi hisobot davri
uchun soliq hisobotini taqdim etish muddatining kechiktirilishi 5 ish kunidan
oshmagan bo‘lsa.
Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksdagi huquqiy ta’sir
choralari jumlasiga QQSni to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatga olish hisobiga
qo‘yilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini 30 kundan ortiq bo‘lgan
muddatga to‘xtatib turish kiritildi.
Bundan tashqari, soliq qarzi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar
va YaTTlar soliq organiga soliq qarzini o‘z debitori hisobidan undirishni
so‘rab murojaat qilishga haqli.
Murojaatga
o‘zaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning
solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim.
Foyda
solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlari Prezident qarorlari bilan, faqat
amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya
qilish huquqini berish tarzida, 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga berilishi
ko‘zda tutildi.
Soliq to‘lovchining debitori bildirish xati olingan kundan
e’tiboran 10 ish kunida o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini
imzolashi (tasdiqlashi) yoki solishtirma dalolatnomada ko‘rsatilgan qarz mavjud
emasligini asoslagan holda rad javobini berishi shart.