Hukumat qarori (803-son, 19.12.2025-y.) bilan “Sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan yakuniga yetkazilmagan loyihalarni amalga oshirishga kiritilgan investitsiyalarni baholash hamda qurilishi tugallanmagan bino va inshootlarda investitsiya kiritish va qurilish ishlarini amalga oshirgan sanoat zonalari ishtirokchilari tomonidan sarflangan mablag‘larni qoplab berish sharti bilan yangi ishtirokchilarga berish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomga
ko‘ra, sanoat zonasidagi yakuniga yetkazilmagan loyihalarni amalga oshirishga
kiritilgan investitsiyalarni baholash investorning sanoat zonasi ishtirokchisi
maqomini yo‘qotgandan so‘ng uning loyiha doirasida amalga oshirgan
xarajatlarini ma’lum shartlar asosida qoplab berish maqsadida amalga
oshiriladi.
Bunda
sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini yo‘qotgan investor va direksiya
o‘rtasidagi kelishuv bitimi asosida ishtirokchi tomonidan qurilishi boshlanib,
qurilishi tugallanmagan obyektlar ular qurilishiga sarflangan xarajatlarni
qoplash sharti bilan direksiyaga o‘tkaziladi.
Investorning
sanoat zonasi ishtirokchisi maqomi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor
qilingandan so‘ng yer uchastkasi qurilishi tugallanmagan obyekt bilan
birgalikda direksiyaga qaytariladi.
Bunda 2
hafta muddatda direksiya qurilishi tugallanmagan obyektni o‘rnatilgan tartibda
davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, 1 oy muddatda mazkur obyektni baholashdan o‘tkazadi.
Obyekt baholangandan so‘ng direksiya yer uchastkasini
qurilishi tugallanmagan obyekt bilan birgalikda yoki obyekt qurilishini
yakunlab, foydalanish uchun ruxsatnoma olingandan so‘ng 3 kunlik muddatda yangi
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun o‘rnatilgan tartibda
elektron-onlayn auksionga joylashtiradi.